Farg‘ona shahrida fuqaro Damas’ning orqa eshigini ochib, sakrab tushganidan so‘ng uni boshqa mashina bosib ketgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati YHXB ma’lumot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2024-yil 16-iyul kuni Farg‘ona shahri Qirguli mavzesi Shifokorlar ko‘chasida fuqaro N.K. boshqaruvidagi Damas avtomashinasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan fuqaro D.P. avtomobilning orqa eshigini ochib, sakrab yuborgan va qarama-qarshi tomonidan kelayotgan avtomobilning old qismiga kelib urilgan.

Oqibatda D.P. tan jarohati olib, kasalxonaga yotkizilgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan kasalxonada vafot etgan.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.