22-iyul kuni soat 19:05 atrofida Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida Lacetti va Cobalt ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi sababli 8 kishi vafot etdi, deya xabar bermoqda Respublika Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 30 yoshli M.N. Lacetti avtomobilini tuman markazidan “Qoraqalpog‘iston” PPJ tomonga boshqarib borayotib boshqaruvni yo‘qotgan. So‘ngra qarama-qarshi tomonga chiqib ketib, 23 yoshli U.D. boshqaruvidagi Cobalt bilan to‘qnashgan. Tarmoqlardagi videoda Lacetti yonib ketganini ko‘rish mumkin.

Oqibatda Lacetti haydovchisi va uning 38 yoshli yo‘lovchisi hamda Cobalt haydovchisi U.D. hodisa joyida vafot etgan.

Shuningdek, Lacetti`ning 49 yoshli yo‘lovchisi hamda Cobalt`ning 27, 30, 31 va 53 yoshli yo‘lovchilari Qo‘ng‘irot tumani tibbiyot birlashmasiga tan jarohati bilan yotqizilgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan olgan tan jarohati oqibatida o‘ziga kelmasdan vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.