Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari joylarda reyd o‘tkazib, Sirdaryo, Farg‘ona, Xorazm va Andijon viloyatlarida giyohvandlik hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ydi. Telegram’dagi Xavfsizlik kanali tezkor tadbirdan olingan lavhalarni e’lon qildi.

Xususan, Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi “Sardoba” YPX maskanida “Toshkent-Jizzax” yo‘nalishida harakatlanayotgan jizzaxlik 27 yoshli muqaddam sudlangan shaxsning Cobalt avtomashinasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada, avtomashina yukxonasiga 3080 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari yashirib qo‘yilganligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, mazkur shaxsning jinoiy sherigi bo‘lgan bahmallik fuqaro ham qo‘lga olindi. Ushbu dori vositalari Qirg‘iz Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan.

дхх, narkotik moddalar

Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa Farg‘ona tumanda yashovchi muqaddam sudlangan shaxs Qirg‘iz Respublikasidan keltirilgan 2799 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 65 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlandi.

дхх, narkotik moddalar

Farg‘ona viloyatida kuzatilgan yana bir holatda 24 yoshli muqaddam sudlangan shaxs “o‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasida belgilangan tartibni qo‘pol ravishda buzib, Qirg‘izistondan 5600 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib o‘tgan vaqtida Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Xorazm viloyatida “Toshkent-Xorazm” yo‘nalishida harakatlanayotgan yuk mashinasi Hazorasp tumanida to‘xtatilib, tekshirildi. Uning yukxonasidagi maishiy konditsioner ichiga yashirib qo‘yilgan 1 kg 814 gr “opiy” moddasi tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi. Ma’lum bo‘lishicha, narkotik modda 33 yoshli hazorasplik fuqaroga tegishli bo‘lgan. U ham konditsionerni qabul qilib olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham 158 gr “opiy” va 1 kg 988 gr “gashish” moddalari olindi.

дхх, narkotik moddalar

Bundan tashqari, mazkur shaxsni giyohvandlik vositalari bilan ta’minlab kelgan, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 35 va 33 yoshli 2 fuqaro ham ushlanib, ulardan birining yashash xonadonidan 424 gr “opiy” moddasi olindi. Ushbu holatda narkotik moddalar Tojikiston Respublikasidan olib kelinganligi aniqlandi.

Tezkor tadbir davomida Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida Andijon shahriga ketayotgan Nexia mashinasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 2 nafar fuqaroga tegishli bo‘lgan va Qirg‘iz Respublikasidan keltirilgan 4 kg 861 gr “Pregabalin” nomli kuchli ta’sir qiluvchi modda borligi ma’lum bo‘ldi. So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qabul qilib olgan andijonlik 23 yoshli shaxs ushlandi.

дхх, narkotik moddalar

Shuningdek, uning tanishlari bo‘lgan Shahrixon tumanida istiqomat qiluvchi, 37 va 32 yoshli 2 nafar ayol ham protsessual tartibda ushlanib, ulardan 1 kg 987 gr “Pregabalin” moddasi hamda 1342 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olindi. Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.