Qamchiq dovoni Mercedes-Benz Sprinter va 3 ta yuk avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar qildi YHXX.

Voqea 27-iyul kuni soat 05:00 larda Qamchiq dovoni hududidan o‘tuvchi A-373 avtomobil yo‘lining 247-kilometrida yuz bergan.

Xabarga ko‘ra, haydovchi, 1983-yilda tug‘ilgan A.K. CAMC rusumli yuk avtomobilida harakatlanayotib, ehtiyotsizlik sabab o‘zi bilan bir yo‘nalishda oldinda harakatlanib ketayotgan Isuzu hamda Howo yuk avtomobillari bilan to‘qnashgan va yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketib Mercedes-Benz Sprinter rusumli avtomobiliga borib urilgan.

YTH oqibatida CAMC rusumli yuk avtomobilida yong‘in yuzaga kelgan. Yong‘in o‘t o‘chiruvchilar tomonidan bartaraf etilgan.

Hodisa oqibatida CAMC rusumli yuk avtomobili haydovchisi va yo‘lovchisi, 1995-yilda tug‘ilgan B.T. tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.