Samarqand shahrida Labo haydovchisi velosipeddagi 9 yoshli bolani urib yubordi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi.

Qayd etilishicha, voqea 23-iyul kuni soat 14:00 atrofida shaharning “Saxovat” MFY hududidan o‘tuvchi ichki yo‘lda sodir bo‘lgan. Haydovchi yo‘lning qatnov qismida harakatlanib kelayotgan voyaga yetmagan velosipedchini urib yuborgan.

Oqibatda bola tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Olib borilgan muolajalarga qaramasdan u vafot etgan.

“Bola velosiped bilan birdan oldimdan chiqib qoldi. Uning kelayotganini ko‘rmay qoldim. Haydovchilar va velosipedchilardan hushyor bo‘lishlarini so‘rab qolardim. Qilgan ishimdan pushaymonman, ikkinchi qaytarilmaydi”, — dedi haydovchi.

IIB xodimining so‘zlariga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasiga voyaga yetmagan velosipedchining qarovsiz ko‘chaga chiqqani va haydovchining e’tiborsizligi sabab bo‘lgan.

Hozirda tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.