Samarqand viloyati Urgut tumanida 29-iyul kuni sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida 3 nafar fuqaro vafot etdi, deb xabar bermoqda viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi.
YTH soat 12:30 larda Xo‘jaguzar mahallasidan o‘tgan Urgut-G‘o‘s-Avazmergan avtomobil yo‘lida yuz bergan. Cobalt avtomobili haydovchisi (2003-yilda tug‘ilgan) rul boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Damas (haydovchi 1991-yilda tug‘ilgan) bilan to‘qnashgan.
Oqibatda Damas haydovchisi va yo‘lovchisi hodisa joyida, yana bir yo‘lovchi esa shifoxonada vafot etgan. Shuningdek, yana ikki nafar Damas yo‘lovchisi va Cobalt avtomobili haydovchisi jarohatlar bilan tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.