Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida avtomashinasida 4 kishini bosib ketgan shaxsga sud hukmi o‘qildi, deb xabar beradi viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi.

20-fevral kuni fuqaro Sh. V. Cobalt avtomashinasi boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chetidagi 4 nafar piyodani urib yuborgan va hodisa joyidan yashiringan. Jabrlanuvchilar esa vafot etgan.

Surishtiruvda 26 yoshli haydovchining shaxsi aniqlangan va u voqea payti mast holatda bo‘lgani ma’lum bo‘lgan. Uning badanidan etil spirti va kuchli ta’sir qiluvchi “tropikamid” dori vositasi topilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahri sudida Sh. V. aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi. U Jinoyat kodeksining 117-moddasi 3-qismi “a” bandi (Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan xavf ostida qoldirish) va 266-moddasi 3-qismi “a” bandida (Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Jazo manzil-koloniyada o‘taladi. Shuningdek, 3 yilga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum bo‘ldi.