Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida mast holdagi haydovchi 3 kishini urib yubordi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, hodisa 14-iyul kuni soat 13:20 atrofida tumanning Bog‘ot mahallasi hududida sodir bo‘lgan. 44 yoshli Sh.Q. Bog‘ot — Jarboshi avtomobil yo‘lida mast holatda Nexia mashinasini boshqarib ketayotgan bo‘lgan. Shu paytda o‘zi bilan bir yo‘nalishda yo‘lning chetki qismida ikki nafar voyaga yetmagan farzandini mindirgan holda velosipedda harakatlanib ketayotgan O‘.Q.ni urib yuborgan.

YTH oqibatida erkak hamda uning 4 yoshli qizi hodisa joyida vafot etgan. 7 yoshli ikkinchi qizi esa tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan, deyiladi xabarda.