Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida 1-avgust kuni ikkita UAZ to‘qnashdi, deb xabar bermoqda viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati.

Yo‘l-transport hodisasi soat 15:00 larda Xonjiza mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R-107 avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. UAZ haydovchisi (2003-yilda tug‘ilgan) o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanayotgan boshqa bir UAZ mashinasini (haydovchi 1979-yilda tug‘ilgan) quvib o‘tmoqchi bo‘lgan. Shu paytda u boshqaruvni yo‘qotib, avtomobilning o‘ng tomoniga urilgan. Oqibatda transport vositasi yo‘ldan chiqib, ag‘darilgan.

YTHda mashina salonidagi 6 nafar yo‘lovchiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan.

Mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha sudga yuborilmoqda, deyiladi xabarda.