Toshkent shahri Shayxontohur tumanida 7-avgust kuni 7 ta mashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda shahar yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumot berdi.

YTH soat 16:54 atrofida Beruniy ko‘chasida yuz bergan. To‘qnashuv ishtirokchilari: 2 ta Matiz, 1 ta Nexia 3, 1 ta Tracker, 1 ta Onix, 1 ta Chery, 1 ta Isuzu.

Millar dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuvga Chery avtomashinasi tormozidagi nosozlik sabab bo‘lgan. Svetoforning qizil chirog‘iga to‘xtamoqchi bo‘lgan haydovchi buning uddasidan chiqmagan va qarshisidagi mashinalarga urilgan.

YHXB xabarida jarohat olganlar yo‘qligi aytiladi. Shu bilan birga, Millar reportajida haydovchilardan biri qo‘li va kuragidan jarohat olganini, boshqa biri esa mashinadagi 2 oylik farzandi shifoxonaga olib ketilganini bildirdi.

Boshqa holatda 7-avgust kuni soat 16:30 larda Chilonzor tumani Bunyodkor shoh ko‘chasida 5 ta avtomashina to‘qnashgan. Bular: Matiz, Spark, Cobalt, Kia, BYD.

YTHda hech kim jarohat olmagan. Holat oqibatida ko‘cha bo‘ylab 4 daqiqalik qisqa tirbandlik yuzaga kelgan.

Hozirda ikkala holat bo‘yicha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.