Andijon viloyatida noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullangan ikki shaxsga nisbatan hukm o‘qildi. Bu haqda “Xavfsizlik” Telegram kanali xabar qildi.

Qorasuv shahrida yashovchi, 1983-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan A.D. sinfdoshi Sh. J. bilan o‘zaro til biriktirib, 2023-yilning avgust oyida Qirg‘izistonda istiqomat qiluvchi shaxslar tomonidan O‘zbekiston hududiga davlat chegarasi orqali noqonuniy o‘tkazilgan 87 turdagi “Fokusin”, “Dopegit”, “Kogitum”, “Erinit” va boshqa dori vositalarini qabul qilib olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati hamda bojxona organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Baholash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MCHJ xulosasiga ko‘ra, dori vositalarining umumiy qiymati 1 milliard 616 million 802 ming so‘mni tashkil qilgan.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM ekspertiza tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, ushbu dori vositalarining ma’lum bir qismi tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar davlat ro‘yxatidan o‘tmagan, davlat reyestriga kiritilmagan hamda ularga nisbatan muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagan.

Ta’kidlanishicha, fuqaro A.D. muqaddam uyushgan guruh tarkibida valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish va bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish jinoyatlarini sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Holat yuzasidan A.D. va Sh. J.ga nisbatan DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi (Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tuman sudi tomonidan esa A.D.ga nisbatan 5 yil hamda Sh. J.ga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.