Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Afrikadagi maymunchechak (mpox) epidemiyasini global favqulodda holat deb e’lon qildi. Tegishli qaror 14-avgust kuni yig‘ilgan JSST Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi tomonidan qabul qilindi.

Infeksiya haqida nimalar ma’lum?

Maymunchechak — bu Orthopoxvirus jinsiga mansub maymunchechak virusi keltirib chiqaradigan kasallik. Maymunchechak virusining ikkita genetik kladasi mavjud: I va II sinf.

Odatiy simptomlar teri toshmasi yoki shilliq pardalarning shikastlanishi hisoblanib, ular ikki-to‘rt hafta davom etishi mumkin va isitma, bosh og‘rig‘i, mushak va bel og‘rig‘i, zaiflik va limfa tugunlarining shishishi bilan kuzatiladi.

Odamlar maymunchechakni u bilan kasallangan odam, ifloslangan narsalar yoki kasal hayvonlar bilan jismoniy aloqa qilish orqali yuqtirib olishi mumkin.

Maymunchechak kasalligi odamda ilk bor 1970-yilda Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) qayd etilgan. Infeksiya Markaziy va G‘arbiy Afrikada endemik hisoblanadi.

Bu bilan JSST so‘nggi ikki yil ichida ikkinchi bor maymunchechakni sog‘liqni saqlash bo‘yicha favqulodda holat deb e’lon qildi. Birinchi global epidemiya 2022−2023-yillarda qayd etilgan, o‘shanda unga IIb kladasi deb nomlanuvchi shtamm sabab bo‘lgan. Hozirgi epidemiyani esa kasallanganlarning 10 foizgacha qismining o‘limiga sabab bo‘layotgan Ib kladasi shtammi chaqirgan.

“Maymunchechak yangi kladasining paydo bo‘lishi, uning KDR sharqida tezlik bilan tarqalayotgani va qo‘shni mamlakatlarda aniqlanayotgani katta tashvish uyg‘otmoqda. Ushbu epidemiyani to‘xtatish va odamlarni qutqarib qolish uchun muvofiqlashtirilgan xalqaro choralar kerak”, — dedi JSST rahbari Tedros Adhanom Gebreyesus.

So‘nggi bir oy ichida KDRning avval maymunchechak aniqlanmagan to‘rtta chegaradosh mamlakatida: Burundi, Keniya, Ruanda va Ugandada laboratoriya tomonidan tasdiqlangan 1b kladasining 100 dan ortiq holati qayd etildi. Mutaxassislar ko‘rsatkich ko‘proq ekaniga ishonmoqda.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda maymunchechak bilan kasallanganlar soni o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan oshib, 15,6 mingtaga yetgan, shundan 537 tasi o‘lim bilan yakunlangan.