Toshkent va Jizzax viloyatlarida hokim yordamchilarining noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

DXX va Bosh prokuratura departamenti tadbirida O‘rta Chirchiq tumanidagi mahallalardan birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi K.M. 13 ming dollar pora olayotganda qo‘lga olingan. Xabarda aytilishicha, u mansabdor tanishlari orqali “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida fuqaroga 1,8 gektar yer maydonini 10 yil muddatga ijaraga olib berishni va’da qilib, evaziga 15 ming dollar talab qilgan.

Boshqa bir holatda Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi hokim yordamchisi I.K. fuqaroni vakolatli tanishlari ko‘magida tuman tibbiyot birlashmasiga ishga kiritib qo‘yishni aytgan. U xizmati evaziga 1200 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ushbu holatlar yuzasidan hokim yordamchilariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.