O‘zbekistonda 2023-yilda haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilgan shaxslar 707 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Buning oqibatida 212 nafar shaxs vafot etgan. Bu haqda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbidin Burxanov va 2024-yilning iyul oyida IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i lavozimiga tayinlangan Sherzod Ibragimov muloqotida ma’lum qilindi.

Senatorning qayd etishicha, 2024-yilning birinchi yarmida mamlakat bo‘yicha qonuniy ravishda o‘qib, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan 10 mln 200 mingdan ortiq qoidabuzarlik sodir etilgan.

2023-yilda transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar, ruxsatnomasi bo‘lmay turib yana qaytadan rulga o‘tirgan. Oqibatda ular tomonidan 707 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Ushbu YTHlarda 212 nafar shaxs vafot etgan. 546 nafar shaxs esa turli darajadagi tan jarohatlarini olgan.

Bunda haydovchilik huquqidan mahrum bo‘lganlar umumiy haydovchilarning 0,3 foizini tashkil etadi. Ammo ular tomonidan sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari jami yuz bergan avariyalarning 11 foizini tashkil etgan.