Toshkent, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlandi, deb xabar beradi Davlat xavfsizlik xizmati.

Toshkent viloyatining Qibray tumanida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbari Parkent tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbari bilan o‘zaro til biriktiradi. Ular mazkur fermer xo‘jalikka tegishli 42,5 gektar yer maydonini xaridorga go‘yoki 51 gektar ekanini aytib, uni 580 ming dollarga sotishga kelishadi.

Ushbu shaxslar oldindan 550 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Nurafshon shahrida yashovchi shaxs (1968 y.t.) turmush o‘rtog‘iga O‘rta Chirchiq tumani hududidan obodonlashtirish va qurish uchun ajratilgan 3,64 gektar yer maydonining 2 gektarini tanishi bilan kelishgan holda, xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. U buning evaziga 560 ming dollar talab qilib, oldindan 60 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida yashovchi muqaddam sudlangan fuqaro (1985 y.t.) 2017-yilda tuman hokimligi tomonidan bog‘dorchilik yo‘nalishida foydalanish uchun o‘ziga ajratib berilgan 1,3 gektar yer maydonida issiqxona qurishga ruxsat olingani haqida yolg‘on gapirib, 410 ming dollar evaziga uni xaridor nomiga rasmiylashtirib berishini aytgan. U so‘ralgan pul mablag‘idan 35 ming dollarni olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Qo‘qon shahrida qayd etilgan holatda fuqaro (1991 y.t.) tadbirkorning ishonchiga kirib, shahar hokimligi zaxirasida bo‘lgan 5 sotix yer maydoni go‘yoki o‘ziga tegishli ekanini aytib, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 50 ming dollari talab qilgan. U ham so‘ralgan pul mablag‘idan avans sifatida 20 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning sherigi bo‘lgan shaxs (1956 y.t.) hokimiyat tizimida ishlovchi tanishlari yordamida ushbu yer maydoni bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlatib berish evaziga 5 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Boshqa bir holatda Andijon shahrida yashovchi fuqaro (1981 y.t.) shahar hududidagi “Bo‘ston” yoshlar kichik zonasida joylashgan 10 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 46 ming dollar talab qilib, oldindan 25 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Video