Nijniy Novgorod viloyatidagi (Rossiya) yo‘l-transport hodisasi oqibatida 7 nafar o‘zbekistonlik vafot etdi, deya xabar bermoqda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi.

Qayd etilishicha, holat 1-sentabr kuni soat 11:00 atrofida M-12 “Vostok” federal avtomagistralining Navashinskiy tumanidan o‘tgan qismida sodir bo‘lgan. 32 yoshli Tojikiston fuqarosi boshqaruvida bo‘lgan Hyundai mikroavtobusi “Qozog‘iston-Moskva” yo‘nalishida harakatlanib ketayotib, KІA serato mashinasi bilan to‘qnashgan.

Oqibatda 8 kishi halok bo‘lgan, ulardan 7 nafari O‘zbekiston fuqarolari (6 erkak va bir ayol) ekani aniqlangan. 3 nafar fuqaro (ikki erkak va bir ayol) turli xil tan jarohatlari bilan viloyat tibbiyot muassasalariga joylashtirilgan.

Prezident topshirig‘iga muvofiq, O‘zbekiston hukumati tomonidan tez orada halok bo‘lganlarning jasadlarini o‘z vataniga qaytarish bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalarni tezkorlik bilan hal etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Ushbu masala Vazirlar Mahkamasi va Moskvadagi elchixona tomonidan alohida nazoratga olingan.

O‘zbekistonning Qozondagi bosh konsulxonasi rahbariyati va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasi xodimlari voqea joyida zarur yordam ko‘rsatmoqda, deyiladi xabarda.