5-sentabr kuni Toshkent viloyatida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar vakolatli organlarining “Sharq-Aksilterror — 2024” qo‘shma mashqlari o‘tkazildi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati. Bunday tadbir O‘zbekistonda ilk bor o‘tdi.

MDH aksilterror markazi ko‘magidagi dastur DXX harbiy poligonida bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulotlar davomida muhim infratuzilma obyektlarida garovga olinganlarni ozod qilish va shartli terrorchilarni zararsizlantirish ssenariylarini sinovdan o‘tkazish doirasida maxsus va harbiy texnikalar, jumladan, aviatsiya va uchuvchisiz uchuv apparatlaridan foydalanildi.

Kuzatuvchilar e’tiboriga noqonuniy qurollangan terrorchilik guruhlarini yo‘q qilish bo‘yicha maxsus harbiy operatsiya elementlari hamda ommaviy tartibizliklarni bostirish va inqirozli vaziyatlarni bartaraf etish choralari havola etildi.

Tadbirga DXX, IIV, FVV, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi maxsus bo‘linmalari, shuningdek, Bosh prokuratura va Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari jalb qilindi.

“Mashqlardan ko‘zlangan asosiy maqsad terrorchilik harakatlarini aniqlash va ularning oldini olish, chegara xavfsizligiga raxna soluvchi terrorchilik tahdidlarini zararsizlantirish va ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishda MDHga a’zo davlatlar vakolatli organlari faoliyatini takomillashtirishdan iborat”, — deyiladi xabarda.

O‘tkazilgan mashqlar davomida shartli terrorchilik guruhlarini zararsizlantirishga jalb etilgan kuch va vositalarning yuqori darajadagi tayyorgarligi, vazirlik va idoralarning hamkorlikdagi harakatlari namoyish etildi.

Ma’lumot uchun, ushbu aksilterror mashqlari bu kabi tadbirlarning yigirmanchisi bo‘lib, O‘zbekiston ularning 6 tasida ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, 4−5-sentabr kunlari Toshkent shahrida SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining 10-xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi hamda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha 2-konferensiyasi bo‘lib o‘tgan.