Samarqand viloyatida “Jiguli” va Spark avtomashinalari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi.

Qayd etilishicha, holat Samarqand tumanining Qo‘shtamg‘ali mahallasidan o‘tuvchi M39 avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. “VAZ2107” avtomobili haydovchisi yo‘lda qayrilish mumkin bo‘lmagan joydan qayrilmoqchi bo‘lgan.

Shu paytda Spark avtomashinasining yo‘liga chiqib ketgan va u bilan urilgan. Oqibatda “Jiguli” haydovchisining 2010-yilda tug‘ilgan qizi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Biroq o‘sha yerda vafot etgan.

“Qarama-qarshi yo‘lda, yo‘l belgisiga e’tibor bermasdan burilib, xatolikka yo‘l qo‘ydim. Ishimdan pushaymonman, boshqa qaytarmayman”, — dedi bola otasi.

Bunday holatlarning oldini olish maqsadida o‘sha mahallada yig‘ilish o‘tkazildi, deyiladi xabarda.