Yo‘lning chetki chap qatorida harakatlangan yuk mashinalari haydovchilarini javobgarlikka tortish rejalashtirilmoqda. Bu Oliy Majlis Senatida 10-sentabr kuni muhokama qilingan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasida nazarda tutilgan.

Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, 2022-yil 1-maydan boshlab yuk avtomobillariga faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun yo‘lning chetki chap qatorini egallashga ruxsat etilgan, boshqa hollarda chap qatorda harakatlanish taqiqlangan.

Ushbu qoidabuzarlik uchun amaldagi qonunchilikda jazo choralari belgilanmagani sababli aksariyat hollarda haydovchilar yo‘llarning chap qatorlarida bemalol harakatlanishmoqda va bu holat avtomobil yo‘llarida tirbandliklarga va avariyali holatlari sodir bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda, deyiladi Senat xabarida.

Xususan, 2024-yilning o‘tgan 7 oyida yuk avtotransport vositalari bilan bog‘liq 303 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgani oqibatida 108 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 227 nafar fuqaro tan jarohati olgan.

Aynan shu jihatlarni e’tiborga olgan holda qonunda yuk avtomobillarida yo‘lning chetki chap qatorida harakatlanganlik (ruxsat etilgan hollar bundan mustasno) uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Bundan tashqari, skuter, individual harakatlanish vositalari yordamida huquqbuzarlik sodir etganlik uchun, jumladan skuterlar, mopedlar, velosipedlarni hamda ulovli aravani boshqarish, shuningdek individual harakatlanish vositalari va skuterlarning haydovchilari tomonidan odamlarni tashiganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.