DXX tomonidan Toshkent shahrida 2 nafar advokat va yurist pora olishda gumonlanib ushlandi, deya xabar qilmoqda “Xavfsizlik” Telegram kanali.

Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati M.M. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida jalb qilingan shaxsga nisbatan sud tizimidagi tanishlari orqali oqlov hukmi chiqarib berish evaziga 30 ming AQSh dollari talab qilgan.

U so‘ralgan pul mablag‘idan 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda advokatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa holatda esa Toshkent shahridagi advokatlik firmasi advokati Sh. U. va qurilish sohasida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat yuristi T.N. o‘zaro kelishgan holda jazo muddatini o‘tayotgan shaxsning ayblovidan bir moddani olib tashlash orqali, unga nisbatan tayinlangan jazoni sud tizimida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali boshqa yengilroq jazo turiga almashtirib berish evaziga 75 ming AQSh dollari talab qilgan.

Ozodlikdan mahrum qilingan shaxs 2021-yilda Jinoyat kodeksining 131 (Qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) va 135-moddalari (Odam savdosi) bilan sudlanib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lgan.

2024-yilning mart oyida ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Holat yuzasidan Sh. U. va T.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi (Ko‘p miqdorda pora berishga urinish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi tomonidan Sh. U. va T.N.ning har biriga nisbatan 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda 136 mln so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Advokat Sh. U. muqaddam sud tizimida sudya lavozimida ishlagan. MCHJ yuristi T.N. esa 2009-yilda Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) bilan, 2016-yilda esa Jinoyat kodeksining 122-moddasi (Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash) bilan sudlangan.