12-sentabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov Turkiya Milliy razvedka tashkilotining Ibrohim Qalin boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi, deb xabar qildi DXX matbuot xizmati.

Uchrashuvda xavfsizlik sohasida ikki tomonlama hamkorlik masalalari, xususan, terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiya, uyushgan jinoyatchilik, terrorchilik faoliyatiga aloqador bo‘lgan qidiruvdagi shaxslarni ushlash va deportatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

“Turkiya delegatsiyasining tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi yuqori darajadagi siyosiy aloqalar jadal rivojlanib borayotgan bir sharoitda bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston va Turkiya qardosh davlatlar sifatida zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish masalalarida yakdil pozitsiyaga ega”, — deb yozdi DXX matbuot xizmati.

Xabarda, shuningdek, bugungi kunda faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar va amaliy hamkorlik mamlakatlarni terrorizm va ekstremizmning har qanday ko‘rinishlaridan himoya qilishi ta’kidlanadi.