Davlat xavfsizlik xizmatining (DXX) Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari Rossiya, Tojikiston va Qirg‘izistondan O‘zbekistonga olib kelingan narkotik moddalarni to‘xtatib qoldi. Bu haqda Telegram`dagi Xavfsizlik kanalida reyd tadbirlari aks etgan video e’lon qilindi.

Xususan, 29 yoshli Tojikiston fuqarosi Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 32 va 19 yoshli 2 nafar shaxs bilan o‘zaro til biriktirib, Tojikistondan O‘zbekiston hududiga aylanma yo‘llar orqali 20 kg. 749 gr. “opiy” moddasini olib o‘tgan vaqtlarida ushlandi.

Boshqa holatda esa O‘zbekistonga Rossiyadan Qozog‘iston orqali kelgan Buxoro viloyatining Peshku tumanida yashovchi 37 yoshli shaxsning “LADA Largus” mashinasi chegarada tekshiruvdan o‘tkazilgan. Natijada unda Moskva shahridan olib kelinayotgan 2 dona ovoz chiqarish kolonkasi ichiga yashirib qo‘yilgan 18 kg. 97 gr. “Mefedron” sintetik narkotik moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Tergovga qadar tekshiruv davomida, u “O‘zbekiston-Rossiya-O‘zbekiston” yo‘nalishida fuqarolarni tashish bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘ldi.

Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida istiqomat qiluvchi 43 yoshli muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs va 29 yoshli muqaddam o‘g‘rilik jinoyati uchun sudlangan fuqaro o‘zaro til biriktirib, Qirg‘iz Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan 56000 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini yashash xonadonlariga yashirib qo‘yganliklari fosh etildi. Mazkur xonadonni ko‘zdan kechirish jarayonida, qo‘shimcha 6780 dona “Zardeks” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi ham ma’lum bo‘ldi.

DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham bojxona organlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida tezkor tadbir o‘tkazdi. Natijada, Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida doimiy yashovchi 39 yoshli muqaddam sudlangan fuqaroning Nexia mashinasi va uning Yakkasaroy tumanidagi ijaraga olgan xonadoni ko‘zdan kechirilganda, jami 43666 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi. Qirg‘iz Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan dorilar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.