Xorazm viloyatining Urganch shahrida 41 yoshli shaxs 2,9 mlrd so‘mlik noqonuniy dori vositalarni uyida saqlab kelayotgani aniqlandi. Mazkur shaxs Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa organ xodimlari o‘tkazgan reyd tadbirida ma’lum bo‘ldi, deya xabar bermoqda Telegram`dagi Xavfsizlik kanali.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro 64 452 dona dori vositalarini uyida kelgusida sotish maqsadida saqlab kelgan. Baholash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MCHJ xulosasiga ko‘ra, mazkur dori vositalarining umumiy qiymati 2 mlrd 908 mln 608 ming so‘mni tashkil qiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM ekspertiza tekshiruvi xulosasi bilan ushbu dorilarning ayrim turlariga nisbatan muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmaganligi, ayrimlari esa sifatsiz va yaroqsiz holatda ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186−3-moddasi 3-qismi “a” bandi (Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini… saqlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Agar uning aybi tasdiqlansa, fuqaro besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.