Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi.

Qayd etilishicha, holat 17-sentabr kuni soat 03:15 atrofida tumanning “Shabnam” MFY hududidan o‘tuvchi M41 avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan.

Haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan 20 yoshli fuqaro Nexia 2 mashinasini “Denov-Sariosiyo” yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib kelayotgan vaqtida qarama-qarshi yo‘ldagi haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan 19 yoshli haydovchi boshqaruvidagi “VAZ-2107” mashinasi bilan to‘qnashgan.

Hodisa joyidan olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “Jiguli” salonida bo‘lgan 3 nafar yo‘lovchi (haydovchining sinfdoshlari) vafot etgan. Ikkala avtotransport vositasidagi qolgan yo‘lovchilar tan jarohati olib tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

Hozirda holat yuzasidan Sariosiyo tuman IIB tergov guruhi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.