Toshkent shahri Sergeli tumanida BYD avtomobili 9 yoshli qizni urib yubordi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

Holat 2024-yilning 19-sentabr kuni soat taxminan 13:45 larda sodir bo‘lgan. Unda Fayzli Toshkent ko‘chasida, haydovchi 1983-yilda tug‘ilgan M.A. BYD avtomashinasida harakatlanib, piyodani urib yuborgan.

Yo‘l-transport hodisasi oqibatida voyaga yetmagan 2015-yilda tug‘ilgan L.S. olgan tan jarohatlari sababli kasalxonaga olib borilgan vaqtda vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari boshlangan.

Ma’lumot uchun, yilning dastlabki besh oyida yo‘l-transport hodisalari oqibatida 65 nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘lgani, 294 nafari jarohatlangani haqida ma’lum qilindi.