Toshkent shahri Shayxontohur tumanida Gentra haydovchisi katta tezlikda piyodalar o‘tish joyida 19 yoshli qizni urib yubordi. Jabrlanuvchi olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etdi, deb yozmoqda Kun.uz.

YTH 18-sentabr kuni soat 11:30 da Samarqand darvoza va Abu Ali ibn Sino ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘lgan. 28 yoshli haydovchi svetoforda piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan qizni urib yuborgan.

Baxtsiz hodisa ro‘y bergan joy.Baxtsiz hodisa ro‘y bergan joy.

Voqea guvohlarining so‘zlariga ko‘ra, voqea sodir bo‘lganidan keyin qiz bir muddat tirik bo‘lgan, haydovchi uni kasalxonaga olib borishdan bosh tortgan. Tez yordam kelguniga qadar u vafot etgan.

“Odam urib ketdi deyishdi. Jon holatda pastga tushdim. Kelib qarasam, qiz og‘ir ahvolda yotgan ekan. Haydovchiga ko‘tar, yordam ber, dedim. U bo‘lsa, qo‘lida elektron sigaret ko‘tarib olgan, „mashinamga o‘lik ortmayman“, deb javob berdi. Biroz o‘tib qiz jon berdi. Haydovchi juda katta tezlikda kelgan. Men ikkinchi qavatdan tushib, to buyoqqa kelgunimcha qiz tirik edi. Keyin 5 minutdan so‘ng jon berdi. Tez yordam mashinasi keyin keldi”, — dedi voqea guvohlaridan biri.

“Nimadir aylanib uchib tushdi, pastga tushib kelib qarasam, qiz ekan. Mashina Oqtepa tarafdan katta tezlikda kelgan. Haydovchi 70−80 km tezlikda yurdim dedi, lekin men ishonmadim. Chunki 70−80 km tezlikda yursa, buncha qattiq zarb bilan urmasdi. Mashina juda tez bo‘lgan va zarba oqibatida qiz 15 metrga uchib ketgan. Gentra esa svetofor va elektr liniyasi ustuniga borib urilgan”, — dedi voqea guvohlaridan yana biri.

“Haydovchi qizni urib yuborgandan so‘ng mashinasidan tushdi-da, „o‘likni mashinamga ortmayman“, dedi. Haydovchida afsuslanish ham yo‘q edi. Agar u zudlik bilan yordam berganda, balki qiz tirik qolarmidi”, — dedi guvoh.

йтҳ, toшкент

Marhumning otasi Akmal Sulaymonov huquq-tartibot idoralaridan aybdorni qonun doirasida jazolashni so‘radi.

“Farishtaday qizimning boshini yedi. Insof, vijdoni yo‘q ekan. Ota-onasi ta’ziyaga kelib, bir og‘iz ko‘ngil so‘ramadi. Yigit ozodlikda yurganmish… O‘sha yerdagi bitta, ikkitasi aytdi, u „mashinam trupovozka emas“ deb aytgan emish. G‘alati gapirgan-da, uning nima haqqi bor? Ertaga o‘zining o‘ligi ko‘chada xor bo‘lsin… Qizim 19 yoshda edi, avgust oxirida tug‘ilgan kunini o‘tkazgan edik… [Olamdan] o‘tganini hali ham anglaganim yo‘q. Ukasi gapira olmayapti. Singlisi ikki-uch kundan beri ovqatlangani yo‘q, majburlab ovqatlantiryapmiz. Uyda onam, yana uchta farzandim va ayolim bor. 5 kishini tinchlantirib, uxlatgunimcha bomdodga azon aytyapti… U ayb qildimi, jazo olishi shart… Yana o‘tib, [yordam berish o‘rniga] chekishiga balo bormi”, — dedi u.

Yana bir guvohning so‘zlariga ko‘ra, qizni mashina urib yuborganidan so‘ng u onasi va otasini so‘ragan, so‘ng vafot etgan.

Ma’lum qilinishicha, marhuma Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida tahsil olgan.

Holat yuzasidan Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, dedi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganov.

Marhumaning yaqinlaridan birining aytishicha, haydovchi hamon ozodlikda va “tergov harakatlarining adolatli o‘tkazilishiga” xalaqit bermoqda. Unga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 266-moddasini (muayyan huquqlardan mahrum qilib, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) qat’iylashtirish zarur.

“Ushbu modda bo‘yicha sud to‘rt yil berar, ana boring, bir yildan keyin ozodlikka chiqadi. Balki bu moddani qayta ko‘rib chiqish kerakdir. Boshqa moddalarda jinoyat quroli deb, musodara qilinadi. Balki mashinani musodara qilib, sotib, pulini o‘sha oilaga yoki kasalxonalarga o‘tkazib berish kerakdir. Balki bu masalani Oliy Majlisda ko‘rib chiqish kerakmi”, — dedi u.

Poytaxt IIBB matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga xabar berishicha, gumonlanuvchi qo‘lga olingan.

19-sentabr kuni Toshkent shahri Sergeli tumanida BYD krossoveri katta tezlikda harakatlanib ketayotganda avtobusdan tushib, yo‘lni kesib o‘tayotgan 9 yoshli o‘quvchi qizni urib yuborgan. U kasalxonaga olib ketilayotganda vafot etgan.

20-sentabr kuni esa Buxoroda hokim yordamchisining mashinasi urib yuborgan o‘quvchi vafot etgan, mansabdor tezlikni oshirgani haqida xabarlar tarqalgan.

O‘zbekistonda joriy yilning 5 oyi davomida yo‘l-transport hodisalari oqibatida 65 nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘lgani, 294 nafari jarohatlangani haqida avvalroq yozgandik.