Toshkent shahri Olmazor tumanida Cobalt, Tracker va “garmoshka”li avtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, holat 24-sentabr kuni soat 10:10 atrofida sodir bo‘lgan. “12-avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi KingLong rusumli 131-sonli avtobus haydovchisi Q.A. Talabalar ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan vaqtida “Musiqa maktabi” qarshisida Cobalt va Tracker bilan to‘qnashgan.

Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, ushbu YTH Cobalt haydovchisi aybi bilan kelib chiqqan. Hodisa oqibatida ikki yengil mashina hamda avtobus texnik shikastlangan. Avtobus yo‘lovchilarga zarar yetmagan.

Tracker haydovchisi K.F, yo‘lovchisi T.M va E.A. yengil tan jarohati olgan, barcha jabrlanuvchilarning ahvoli yaxshi, deyiladi xabarda.

YTH Toshkent shahri YHXB xodimlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan.