Surxondaryoda Lacetti gaz quvuriga kelib urilishi oqibatida gaz sizib chiqqan va 915 ta xonadon ta’minotdan vaqtincha uzib qo‘yilgan. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2024-yil 24-sentabr kuni soat 21:40 da Muzrabot tumanida harakatlanayotgan Lacetti haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib yo‘l chetiga chiqib ketgan va diametri 219 mm bo‘lgan gaz quvuriga kelib urilgan.

Oqibatda, quvurdan gaz sizib chiqqan va holatni bartaraf etish uchun 915 ta xonadonga gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatilgan.

Ushbu nosozlikni bartaraf qilish uchun hududga maxsus brigada jalb etilgan va avariya oqibatlari 25-sentabr kuni soat 18:11 da to‘liq bartaraf qilingan. Iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish jarayoni bosqichma-bosqich tiklangan.

Haydovchining ahvoli va YTHning boshqa tafsilotlari keltirilmagan.