Surxondaryo viloyati Termiz tumanida temiryo‘l kesishmasidan qoidalarni buzgan holda o‘tmoqchi bo‘lgan “Gazel” ag‘darildi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi.

Qayd etilishicha, holat 28-sentabr kuni soat 16:40 atrofida Termiz- Baqtriya temiryo‘l bekatlari oralig‘ida sodir bo‘lgan.

Qo‘riqlanadigan temiryo‘l kesishmasiga poyezd yaqinlashayotgani sababli mashinalarning harakati cheklangan vaqtda 30 yoshli haydovchi “Gazel” avtomobilida qoidalarni buzgan holda harakatlangan va temir to‘siqqa urilib avtomobil ag‘darilgan.

Hodisa oqibatida elektrovoz tortib ketayotgan Termiz-Darband shaxarlararo qatnovchi yo‘lovchi poyezdi to‘xtab qolgan. Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida yo‘lovchi poyezdi shu kuni soat 17:25 da harakatni davom ettirgan.

Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Mas’ullar tomonidan holat bo‘yicha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.