Ijtimoiy tarmoqlarda Cobalt avtomobili tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan voyaga yetmagan o‘quvchi qizni urib yuborgani aks etgan video tarqaldi.

Videoda qiz piyodalar o‘tish joyining narigi tomonida qo‘lida qizil bayroqli tayoq ko‘targan maktab xodimini ko‘rib, yo‘lda o‘ta boshlaganini ko‘rish mumkin. Shu paytda mashina kelib uni urgan va bir necha metrga uloqtirib yuborgan.

So‘ngra haydovchi va mashinada bo‘lgan boshqa bir ayol tushib, uni mashinaga o‘tqazishgan.

Toshkent viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ma’lum qilishicha, holat 30-sentabr kuni soat 07:45 atrofida Yuqori Chirchiq tumanidagi 14-maktab qarshisida sodir bo‘lgan. 26 yoshli haydovchi M.N. Cobalt mashinasida harakatlanib ketayotib, yo‘lning o‘ng tomonidan chap tomoniga piyodalar o‘tish joyidan kesib o‘tayotgan 11 yoshli piyoda M.A.ni urib yuborgan.

Oqibatda qiz markaziy shifoxonaga olib borilib, unga birinchi yordam ko‘rsatilgan. Hozirda uning ahvoli yaxshiligi sababli shifoxonadan uyga ruxsat berilgan.

Holat yuzasidan tumani YHXB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Senat O‘zbekistonda 5 oy davomida yo‘l-transport hodisalari oqibatida 65 nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘lgani, 294 nafari jarohatlangani haqida xabar bergandi. 2023-yilda esa yo‘llarda 263 nafar bola halok bo‘lgan, 1568 nafari jarohatlangan.

Birgina aprel oyining o‘zida Jizzax viloyatida yuqori tezlikda harakatlangan Gentra haydovchisi urib yuborgan ikki o‘quvchi, Qashqadaryo viloyatida yuqori tezlikdagi Damas urib yuborgan 1-sinf o‘quvchisi, Navoiy viloyatida Matiz avtomashinasida YTHga uchragan 3 nafar o‘quvchidan 2 nafari vafot etgan.