Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida Lacetti haydovchisi 2 nafar o‘quvchi qizni urib yubordi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, holat 2-oktabr kuni soat 05:54 atrofida tumanning “Eski-qal’a” MFY hududidan o‘tuvchi 4R-76-sonli avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan.
Tarmoqlarda tarqalgan videoda ular 3 nafar bo‘lgan va “zebra”dan svetoforning qizil chirog‘i yongan paytda o‘tayotgani va ulardan biri mashina yaqinlashganda yugurib, undan qochib qolganini ko‘rish mumkin.
Lacetti haydovchisi O.M. tuman markazidan Avtoboshbekat tomon harakatlanib borayotgan vaqtida 15-sonli IDUM to‘g‘risida joylashgan tartibga solingan piyodalar o‘tish joyidan o‘ziga nisbatan o‘ngdan chapga o‘tayotgan 2 nafar piyodani urib yuborgan.
Hodisa oqibatida bir nafar piyoda olgan tan jarohatlari yuzasidan Qorako‘l tuman kasalxonasida vafot etgan. Ikkinchi piyoda hozirgi kunda kasalxonada davolanmoqda.
O‘sha kunning o‘zida holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda haydovchi ushlangan.
Kun.uz nashrining yozishicha, ular 27-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchilari bo‘lgan va repetitorga ketayotganida ushbu hodisaga uchragan.
Senat O‘zbekistonda 5 oy davomida yo‘l-transport hodisalari oqibatida 65 nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘lgani, 294 nafari jarohatlangani haqida xabar bergandi. 2023-yilda esa yo‘llarda 263 nafar bola halok bo‘lgan, 1568 nafari jarohatlangan.
Birgina aprel oyining o‘zida Jizzax viloyatida yuqori tezlikda harakatlangan Gentra haydovchisi urib yuborgan ikki o‘quvchi, Qashqadaryo viloyatida yuqori tezlikdagi Damas urib yuborgan 1-sinf o‘quvchisi, Navoiy viloyatida Matiz avtomashinasida YTHga uchragan 3 nafar o‘quvchidan 2 nafari vafot etgan.