Namangan viloyati Kosonsoy tumanida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deb xabar berdi IIV axborot xizmati.

Qayd etilishicha, holat 2-oktabr kuni soat 16:00 atrofida tumanning Bog‘ibaland ko‘chasidagi ichki yo‘llardan birida sodir bo‘lgan.

21 yoshli “VAZ-2107” haydovchisi do‘stini mashina yukxonasiga o‘tqizib olib, turli manyovrlar qilib harakatlangan.

Yukxonadagi yigit ehtiyotsizlik oqibatida yerga yiqilgan va turli tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muojalarga qaramay, 12-oktabr kuni vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan ish ochilgan.