Toshkentda tarixiy oltin tangalarni sotish va xorijga olib chiqishning oldi olindi, deb xabar bermoqda Дaвлat xavfsizlik xizmati.

DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi va bojxona idoralari xodimlari Toshkent shahrida tezkor tadbir o‘tkazgan. Unda Olmazor tumanida yashovchi A.X. (1966 y.t.) va Andijon shahrida yashovchi E.S. (1963 y.t.) qo‘lga olingan.

Xabarga ko‘ra, A.X. 100 dona oltin tangani E.S.ga 67 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan.

Shuningdek, A.X.ga tegishli avtomashinadan qo‘shimcha 37 dona oltin tanga ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, sof og‘irligi jami 776 gramm bo‘lgan 5 va 10 rubl ko‘rinishidagi oltin tangalar numizmatik ashyolar sifatida madaniy boyliklar sirasiga kiradi hamda badiiy, tarixiy ahamiyatga ega hisoblanadi.

bojxona, dxx, oltin tangalar

Asllik darajasi 900 va 916 bo‘lgan mazkur qadimiy tangalar 1897−1911-yillar oralig‘ida bosib chiqarilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 950 million so‘mni tashkil etadi.

Aniqlanishicha, fuqaro E.S. xalq tilida “Nikolay” tangalari deb aytiladigan ushbu tarixiy, moddiy qimmatliklarni Qirg‘izistonning O‘sh viloyatiga olib borib, sotishni rejalashtirgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 177-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.