Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari bojxona hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazdi. Bu haqda Telegram`dagi Xavfsizlik kanalida reyd tadbirlari aks etgan video e’lon qilindi.
Jumladan, tojikistonlik narkokurerlar tomonidan aylanma yo‘llar orqali olib kelinib, Quyi Chirchiq tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 1 kilogramm 834 gramm gashish moddasini qabul qilib olgan vaqtlarida Toshkent shahrida yashovchi, 1992 va 1998-yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Surxondaryo-Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia O‘rta Chirchiq tumani hududida to‘xtatilgan. Natijada Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi avtomashinada 1991-yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan shaxs yo‘lovchi sifatida ketayotgani ma’lum bo‘ldi.
Xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, avtomashinaning orqa eshiklari ichki qismiga 1 kilogramm gashish moddasi yashirib qo‘yilganligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Aniqlanishicha, ular Tojikistondan keltirilgan giyohvandlik vositasini Surxondaryoda qabul qilib olishgan va uni sotib mo‘may daromad topishni rejalashtirishgan.
Navbatdagi holatda Denov hamda Sariosiyo tumanlarida yashovchi, 1994, 1995 va 1997-yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro 985 gramm gashish moddasini Nexia rusumli avtomashinada Toshkent shahriga olib ketayotgan vaqtlarida Zangiota tumanida to‘xtatib, qolindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu zahri qotil ham tojikistonlik narkokurerlar tomonidan aylanma yo‘llar orqali mamlakatga olib kelingani aniqlandi.
Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yangiyo‘l tumani hamda Yangiyo‘l shahrida istiqomat qiluvchi, 1987, 1995 va 1996-yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro Qo‘qon shahriga borib, hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan narkosavdogardan 168 gramm gashish hamda 722 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 43 mln. so‘mga sotib olib, doimiy yashash manzillariga qaytib kelayotgan vaqtlarida qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositalari mamlakatga Qirg‘izistondan olib kelingan.
Yana bir holatda esa Farg‘ona-Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan Lacetti rusumli avtomashina Ohangaron shahri hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada unda avtomashinani boshqarib ketayotgan Transport nazorati inspeksiyasi inspektori hamda 1975 va 1990-yillarda tug‘ilgan, muqaddam kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganliklari uchun sudlangan 2 nafar yo‘lovchiga tegishli 826 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, ular Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan ushbu dori vositalarini Qo‘qon shahrida yashovchi fuqarodan 22 million 500 ming so‘mga sotib olishgan.
Hozirda barcha holatlar bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.