Toshkent viloyati Chirchiq shahri hokimining o‘rinbosari juda katta miqdorda pora olgan vaqtida ushlandi, deb xabar berdi Davlat xavfsizlik xizmati.
DXX va Bosh prokuratura departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlanishicha, Chirchiq shahri hokimining o‘rinbosari xizmat mavqeidan foydalangan holda, fuqaroga hokimlik zaxirasidagi 20 gektar yerni olib berishni va’da qilgan. U 40 million dollar investitsiya kiritishni shart qilib qo‘ygan va yerni auksionga chiqarib, 49 yil muddatga unga egalik qilish huquqini rasmiylashtirib berishini aytgan.
Hokim o‘rinbosari xizmati uchun 2 million dollar talab qilib, shundan 1 million dollarni haydovchisi orqali olayotganda qo‘lga olingan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.