Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura departamenti Qashqadaryo, Navoiy, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida advokatlarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘ydi, deb xabar berdi DXX matbuot xizmati.
Jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tumani sudida ko‘rilayotgan jinoyat ishidagi ayblanuvchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishida yordam berishni aytgan advokati D.A. ushlandi. U sud tizimida tanishlari borligini aytib, xizmati evaziga 4 ming dollar olgan.
Karmana tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik firmasi advokati X.A. qo‘lga olindi. U jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchiga nisbatan mansabdor tanishlari orqali yengil jazo tayinlatib, uni ozodlikka chiqartirib berish evaziga 20 million so‘m va 500 dollar olgan.
Vobkent tumanida kuzatilgan holatda mahalliy advokatlik byurosi advokati N.G‘. Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilgan fuqaroga nisbatan mazkur tuman sudining 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash bo‘yicha chiqargan hukmini o‘zining mansabdor tanishlari orqali 1 yil 2 oy muddatda yakunlatib berish evaziga 1200 dollar olgan vaqtida ushlangan.
Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik firmasining muqaddam sudlangan advokati B.A. ham fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudda ko‘rib chiqilayotgan er-xotin o‘rtasidagi nikohni vakolatli tanishlari orqali bekor qildirib berish evaziga 1100 dollar olgan.
Shirin shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik firmasi advokati B.Q. ayblanuvchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishida sud organlaridagi mansabdor tanishlari orqali yordam berish evaziga 800 dollar va 2,5 million so‘m olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Hozirda mazkur advokatlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.