Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Toshkent viloyatining bir qator tumanlaridagi MIB, soliq, bojxona tizimi xodimlarini pora olganlikda gumonlab qo‘lga oldi. Mazkur holatlar Korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida o‘tkazilgan bir nechta tezkor tadbirlarda ma’lum bo‘ldi.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Yallama” chegara bojxona posti inspektor-surishtiruvchisi O‘zbekistonga taqiqlangan tovarlarni olib kirgan tadbirkorning huquqbuzarligi sudda ko‘rib chiqilayotganda mansabdor tanishlari orqali unga yengillik yaratib berishga va’da bergan. Qolaversa, u tovarlarni O‘zbekistondan qaytarib olib chiqib ketishida yordam berishni ham zimmasiga olmoqchi bo‘lgan. Bojxona posti xodimi 1000 dollar olgan vaqtida ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruvda u muqaddam 300 dollar pul olgani ham ma’lum bo‘ldi. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (Xizmat mavqeyidan foydalangan holda firibgarlik qilish) va 28, 211-moddasi (pora berishda ishtirok etish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Boshqa holatda Majburiy ijro byurosining Qibray tuman bo‘limi davlat ijrochisi fuqaroning kredit qarzdorligi sababli xatlovga olingan mol-mulkini auksion savdolarga chiqarmaslikka va’da bergan. Xodim, shuningdek, fuqaroga nisbatan o‘zining ish yurituvida bo‘lgan ijro ishini tugatib berish evaziga 5 ming dollar talab qilib, muqaddam 2 ming dollar olgan. U pulning qolgan qismini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Hozirda davlat ijrochisiga Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (Tamagirlik yo‘li bilan pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zangiota tumanida kuzatilgan holatda tuman soliq inspeksiyasining shu’ba boshlig‘i vazifasini bajaruvchi shaxs qurilish mollari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan oilaviy korxonaning faoliyatiga rahnamolik qilish va 1 yil davomida tekshiruv o‘tkazmaslik evaziga 1200 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushdi. Mazkur mansabdor shaxs ham pora olganlikda gumonlanib qo‘lga olingan.