Namangan shahrida maktab o‘quvchisi ijaraga mashina olib minib yo‘l-transport hodisasi sodir etdi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, hodisa 2-noyabr kuni soat 10:00 atrofida shaharning Amir Temur ko‘chasida sodir bo‘lgan. Davlatobod tumanidagi xususiy maktablardan birining 9-sinf o‘quvchisi sinfdoshi bilan Gentra mashinasini ijaraga olib katta tezlikda boshqargan.
Biroq bola mashina boshqaruvini yo‘qotishi oqibatida, Gentra aylanib ketgan va yo‘l chetiga o‘rnatilgan yo‘l belgisiga borib urilgan. O‘quvchi avvaliga mashina akasiga tegishli ekanini aytgan.
“Ertalab soat 09:00 atrofida 150 ming so‘m evaziga 2 soatga mashina ijarag oldik. Juda qattiq qo‘rqib ketdim, o‘lib qolishimni, nogiron bo‘lib qolishimni o‘yladim — hamma narsa miyaga keldi. Qaytib rulga o‘tirmaymiz”, — dedi u.
Hodisa oqibatida hech kim jarohatlanmagan. Holat yuzasidan o‘quvchining otasi bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, bolasining harakatlaridan doimiy xabardor bo‘lib borishi keraklini tushuntirilgan.
“Bilmabman, boshqa qaytarilmaydi. Uzr, yoshlik qilib qo‘yibman. Holatdan afsusdaman”, — dedi mashina ijaraga bergan kompaniya xodimi.
Eslatib o‘tamiz, oktabr oyi boshida ham Namangan shahrida Gentra avtomashinasini 200 ming so‘mga ijaraga olgan 5 nafar o‘quvchi katta tezlikda yo‘lning qarama-qarshi qismiga chiqib ketib, yuk mashinasi bilan to‘qnashgandi. Oqibatda ulardan 3 nafari vafot etgan. Bu yil boshidan buyon shaharda mashina ijaraga olgan o‘quvchilar ishtirokida sodir bo‘lgan to‘rtinchi YTH bo‘lgan.