Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti tarafdorlari jamoasi fosh etildi. Davlat xavfsizlik xizmati tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ularni qo‘lga olganini ma’lum qildi.

Jamoatning 11 nafar a’zosi Qo‘qon shahri hamda O‘zbekiston tumanida yashovchi, 1980−2000-yillar oralig‘ida tug‘ilgan fuqarolar bo‘lib, ular orasida farmatsevtika sohasida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatda menedjer, gaz quyish shoxobchasida bosh mexanik bo‘lib ishlagan, shuningdek, xususiy tadbirkorlik, oshpazlik, ustachilik, kirakashlik bilan shug‘ullangan shaxslar bor.

Keltirilishicha, ular 2021−2023-yillar davomida Qo‘qon shahrida joylashgan choyxonalarda “shanbalik oshlar” niqobi ostida yig‘inlar tashkil etib, unda Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiy, Yaxyo Turkistoniy va boshqalarning jihod hamda shahidlikka, islom davlati qurishga chorlovchi, diniy ekstremizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’ruzalarini eshitishlari natijasida dinga mutaassiblarcha berilib, ekstremistik g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlab kelgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda amalda bo‘lgan davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga va “Halifalik” davlati qurishga qaratilgan g‘oyalarni o‘zaro muhokama qilishgan, deyiladi xabarda. Jamoat a’zolarining ayrimlari Suriyaga hijrat qilish masalasini ham muhokama qilgan.

Bundan tashqari, ulardan 2 nafari o‘zaro til biriktirib, hozirda Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti faoliyatida ishtirok etib kelayotgan qo‘qonlik Jasur ismli shaxsga moddiy yordam berish maqsadida 2023-yilning iyul va avgust oylarida jami 3000 dollar pul yuborgan.

Ular o‘z saflarini kengaytirish uchun yig‘inlarga boshqa fuqarolarni ham jalb qilib, ularning ongiga ekstremistik g‘oyalarni singdirganlikda ayblanmoqda.

Jamoa a’zolari Telegram`da guruh ochib, o‘zaro ma’lumotlar almashgan va navbatdagi yig‘in vaqti va joyi e’lon qilib borilgan. Shuningdek, har 15 kun, 1 oy ichida nima ishlarni amalga oshirganliklari bo‘yicha guruh yetakchisiga hisobot berishgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining hukmiga ko‘ra, ularga nisbatan 6 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jamoa a’zolariga Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan:

  • 155−3-modda (terrorizmni moliyalashtirish),
  • 159-modda (konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish),
  • 244−1-modda (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish),
  • 244−2-modda (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish).