Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va Ichki ishlar vazirligi xodimlari reyd davomida Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida Tojikistondan keltirilgan narkotik moddalarni musodara qildi. Bu haqda Telegram`dagi Xavfsizlik kanalida xabar berildi.

Xususan, Toshkent shahrining Uchtepa tumanida 28 yoshli navoiylik shaxsning vaqtincha yashab kelgan uyidan 1 kg 995 gr “geroin” moddasi, 143 gr “Mefedron” hamda 3 litr suyuq “Mefedron” sintetik narkotik, qadoqlash vositalari, elektron tarozi va boshqa uskunalar topildi.

Shuningdek, uning mijozlarga sotish uchun Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanidagi xufiya joylarga yashirib ketgan 6 ta zakladkalardan jami 1 kg 296 gr “Mefedron” ham olindi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu giyohvandlik vositalarini qozog‘istonlik va tojikistonlik narkosavdogarlar kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekistonga yetkazib bergan.

Boshqa holatda esa “Samarqand-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia Sirdaryo viloyatining “Sirdaryo” YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada uning ichidagi 45 yoshli muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan zangiotalik yo‘lovchida 1 kg 641 gr “gashish” moddasi borligi aniqlandi. Moddalar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Tergovga qadar tekshiruvda u narkotik moddani Samarqandlik 45 yoshli muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanganligi uchun sudlangan fuqarodan 10 ming dollarga sotib olganligi aniqlanib, u ham qo‘lga olindi.

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida kuzatilgan holatda Toshkent viloyatining Bekobod tumanida yashovchi 64 yoshli shaxs Tojikistondan keltirilgan 901 gr “opiy” moddasini 8 ming dollarga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Aniqlanishicha, mazkur shaxs muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanidagi “Umakay” YPX maskanida surxondaryolik fuqaroning Lacetti mashinasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Avtomashinaning orqa o‘rindig‘i ostiga Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 265 gr “opiy” va 1 kg “gashish” giyohvandlik vositalari yashirib qo‘yilganligi aniqlandi.

Xorazm viloyatida ham Tojikistondan olib kelingan giyohvandlik vositalarining viloyat hududida sotilgani aniqlandi. Unda samarqandlik 60 yoshli muqaddam giyohvandlik vositalari sotganligi uchun 2 marotaba sudlangan shaxs Urganch shahrida ushlanib, uning qo‘l sumkasida bo‘lgan 989 gr “opiy” moddasi tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

Boshqa holatda esa Surxondaryodan Xorazmga ketayotgan Cobat avtotransport vositasi Tuproqqal’a tumanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada avtomashinada ketayotgan 67 yoshli surxondaryolik yo‘lovchi hamda uning 34 yoshli kelinidan 993 gr. “gashish” moddasi olindi.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.