10-noyabr kuni tongda Rossiyaning Penza viloyatida O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida YTH sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda Qozondagi bosh konsulxona.
M-5 federal trassasining 738-kilometrida ro‘y bergan hodisa oqibatida 3 kishi voqea joyida halok bo‘lgan. Shundan 1 nafari O‘zbekiston fuqarosi, 2 nafar shaxsning O‘zbekiston fuqaroligiga mansubligi aniqlanmoqda.
Shuningdek, 2 nafar fuqaro turli xil tan jarohatlari bilan Penza viloyati Kuznetsk tumanlararo shifoxonasiga joylashtirilgan.
Penza viloyati Davlat avtomobil nazorati xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hodisada 1970-yilda tug‘ilgan erkak boshqaruvidagi “KamAZ” va 1996-yilda tug‘ilgan erkak boshqaruvidagi Cobalt to‘qnashgan. Oqibatda Cobalt haydovchisi va uning ikki nafar yo‘lovchisi — 1980 va 1965-yilda tug‘ilgan erkaklar voqea joyida vafot etgan, ushbu transport vositasining yana ikki nafar yo‘lovchisi — 1995-yilda tug‘ilgan ayol va erkak (uning shaxsi aniqlanmoqda) tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Halok bo‘lganlarni vatanga qaytarish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, jabrlanganlarga tibbiy muolaja ko‘rsatilishini bosh konsulxona o‘z nazoratiga olgan, deyiladi konsulxona bayonotida.
11-noyabr kuni bosh konsulxona YTH oqibatida uch kishi halok bo‘lgani, ulardan ikki nafari O‘zbekiston fuqarolari ekaniga aniqlik kiritdi.