11-noyabr kuni Toshkent shahrida King Long rusumli “garmoshkali” avtobuslar ishtirokida 2 ta yo‘l transport hodisasi yuzaga keldi. “Gazeta.uz” bu haqda “Toshshahartransxizmat” bilan bog‘lanib, holatlarni o‘rgandi.

Ulardan birida 121-sonli juda katta sig‘imli avtobus ertalab soat 06:00 atrofida Uchtepa tumanida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi ko‘chatlar sotiladigan joyga kirib ketgan. Oqibatda 1 nafar yo‘lovchi yengil tan jarohati olgan va tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. King Long rusumli avtobus texnik shikastlangan.

Yo‘l-transport hodisasi avtobus haydovchisi aybi bilan sodir etilgani sababli, avtobusga yetkazilgan moddiy zarar haydovchi tomonidan qoplanadi, deyiladi xabarda. Keltirilishicha, Toshkent shahar IIBB YHXB holatni rasmiylashtirgan, surishtiruv ketmoqda.

Yana bir holat kechki payt soat 19:50 atrofida Mirobod tumanida sodir bo‘ldi, unda King Long avtobusi Lacetti avtomobili bilan to‘qnashib ketdi.

Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (IIBB YHXB) matbuot xizmatining izoh berishicha, yo‘l transport hodisasi natijasida Lacetti haydovchisi tan jarohat olgan.

IIBB YHXB holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.