Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari reyd tadbirlari davomida Tojikiston va Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan qariyb 65 kg “gashish” giyohvandlik vositasini musodara qildi. Bu haqda Telegram`dagi Xavfsizlik kanalida xabar berildi.

Xususan, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi 30 yoshli shaxs avtomashinasida Uzun tumani hududida ketayotgan vaqtida to‘xtatildi. Uning yukxonasida 50 kg 567 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Tergovga qadar tekshiruv davomida, u giyohvandlik vositasini tojikistonlik narkosavdogarlardan olganligi ma’lum bo‘ldi.

Farg‘ona viloyatida qayd etilgan holatda 52 yoshli marg‘ilonlik fuqaro muqaddam tojikistonlik narkokur’erlar Toshkent viloyatining Bo‘ka tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketgan 4 kg 929 gr “gashish” moddasini qabul qilib olib, yo‘lovchi avtomashinada doimiy yashash manziliga qaytib kelayotgan vaqtida Farg‘ona shahrida qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, u giyohvandlik vositasini qayta sotib, daromad topishni maqsad qilgan.

Samarqanddan Andijonga kelayotgan Spark mashinasi Andijon viloyatining Bo‘ston tumanidagi YPX maskanida to‘xtatilib, tekshirildi. Unda ketayotgan 1990 va 1995-yillarda tug‘ilgan 3 nafar andijonlik hamda qirg‘izistonlik bir nafar shaxsdan 4 kg 727 gr “gashish” moddasi olindi. Aniqlanishicha, ular mazkur giyohvandlik vositasini tojikistonlik shaxsdan Urgut tumaniga keltirib berish sharti bilan sotib olishgan va uni qoldirib ketilgan xufiya joydan olib, ortga qaytayotgan bo‘lishgan.

Boshqa holatda esa Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida yashovchi 4 nafar fuqaro Qirg‘iz Respublikasidagi narkosavdogarlar yetkazib bergan 4 kg 634 gr “gashish” moddasini Andijon tumanida 53 ming dollarga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Ma’lum bo‘lishicha, gumondorlardan 3 nafari muqaddam sudlangan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.