DXX raisining “O‘zbekiston Respublikasi muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini toifalash va ularning yagona reyestrini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida” buyrug‘i imzolandi.

Tasdiqlangan vaqtinchalik nizomga ko‘ra, muhim axborot infratuzilmasi obyektlariga egalik qiluvchi subyektlar har yili kamida bir marta ushbu obyektlarni toifalashi shart. Buning uchun tegishli komissiya tuzish lozim.

Muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini toifalashning quyidagi mezonlari belgilanmoqda:

yuqori darajadagi:

  • kiberxavfsizlik hodisasi natijasida ishdan chiqishi tufayli juda ko‘p miqdorda zarar yetishi, 20 dan ortiq odamning sog‘lig‘iga zarar yetishi, 500 dan ortiq odamning hayot faoliyati sharoitlari buzilishi yoki katta ekin maydoniga teng bo‘lgan hududda atrof-muhitga zarar yetishi mumkin bo‘lgan obyektlar;
  • davlat sirlariga oid ma’lumotlar aylanmasi mavjud bo‘lgan, shuningdek yoqilg‘i-energetika, atom energetikasi, sog‘liqni saqlash, telekommunikatsiya va qo‘riqlanadigan shaxslar doimiy yoki vaqtinchalik turgan joylardagi obyektlar;

o‘rta darajadagi

  • kiberxavfsizlik hodisasi natijasida ishdan chiqishi tufayli ko‘p miqdorda zarar yetishi, 10 dan ortiq, biroq 20 dan ko‘p bo‘lmagan odamning sog‘lig‘iga zarar yetishi, 100 dan ortiq, biroq 500 dan ko‘p bo‘lmagan odamning hayot faoliyati sharoitlari buzilishi, o‘rtacha kattalikdagi ekin maydoniga teng bo‘lgan hududda atrof-muhitga zarar yetishi yoki davlatning nufuzi va obro‘siga zarar yetishi mumkin bo‘lgan obyektlar;

past darajadagi:

  • yuqori va o‘rta darajadagi muhim axborot infratuzilmasi obyektlari toifasiga kirmaydigan obyektlar.

Mazkur nizom O‘zbekiston muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini toifalash va ularning toifasini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek muhim axborot infratuzilmasi obyektlarining vaqtinchalik yagona reyestrini yuritish tartibini belgilaydi.

Muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini toifalash va Reyestrni yuritish Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan amalga oshiriladi. Bunday obyektlarni toifalash va reyestrni yuritish bevosita vakolatli davlat organi tashabbusiga ko‘ra yoki uning yozma topshirig‘i asosida vakolatli davlat organining ishchi organi — “Kiberxavfsizlik markazi” tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda MAI obyektini toifalash ishlari boshqa tashkilotlar tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin. Bunda obyektni toifalash natijalarining haqqoniyligi uchun javobgarlik obyekt egasi zimmasiga yuklanadi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 31-maydagi muhim axborot infratuzilmasi (MAI) obyektlari kiberxavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qaroriga muvofiq, Davlat xavfsizlik xizmatiga vakolatli organ sifatida qator vazifalar yuklatilgandi.

DXXga muhim axborot infratuzilmasi (MAI) obyektlarida kiberxavfsizlikni ta’minlashda vakolatli organ sifatida monitoring olib borish, xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish, xorijiy davlatlar tajribasi asosida MAI obyektlarining yagona davlat reyestrini shakllantirish kabi vazifalar yuklatilgan.