Har yili noyabr oyining uchinchi yakshanbasida dunyo bo‘ylab yo‘l-transport hodisalarining qurbonlari xotirlanadi. Bu yil ushbu sana 17-noyabrga to‘g‘ri keldi. Shu munosabat bilan “Gazeta.uz” O‘zbekiston Professional futbol ligasi (O‘zPFL) bilan hamkorlikda mamlakatimizdagi YTH qurbonlari xotirasini imkon doirasida abadiylashtirishga qaror qildi.

O‘zPFL sana munosabati bilan maxsus rolik e’lon qildi. Aslida bu videorolik bahona avvalo YTH oqibatida qurbon bo‘lgan bolalar xotirlanishi rejalashtirilgan edi, ammo ularning oila a’zolari bilan birma-bir qilingan muloqotlar davomida hamma ham, oldindan taxmin qilinganidek, og‘ir damlarni eslashga tayyor emasligi oydinlashdi. Buni to‘g‘ri qabul qildik.

“Gazeta.uz” Sergeli tumanida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgan 9 yoshli Soliha Lutfullayevaning onasi Nigora Lutfullayevaga qizi va umuman voqea haqida batafsil hikoya qilib berishga kuch topa olgani uchun minnatdorlik bildiradi hamda bu material Solihaning xotirasini abadiylashtirish uchun oz bo‘lsa-da hissa qo‘shadi, deb ishonadi.

Quyida Nigora Lutfullayevaning marhum qizi Soliha haqidagi hikoyasi havola qilinadi.

Shumxabar

Soliha Lufullayeva 2015-yil 18-mayda tug‘ilgan edi. 2024/2025 o‘quv yilida 104-maktabning 3-sinfiga o‘tgandi. U 2024-yil 19-sentabr soat 13:45 lar atrofida Sergeli tumani Fayzli ko‘chasida BYD avtomashina urib yuborishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.

19-sentabr kuni soat 13:30 lar atrofida ovsinimlarnikiga chiqdim. Ularning 7-sinfda o‘qiydigan qizlari maktabdan kelgan ekan. Solihaxon qizim o‘qishdan onda-sonda shu opasi bilan qaytardi. “Solihaxon bilan birga kelmadingmi?”, desam, “Hali darsi tugamagan ekan”, dedi. Keyin bilsam, 12:15 da darsi tugagan, lekin qo‘shimcha to‘garakka qolgan ekan.

Uyga qaytdim-da, o‘qituvchisiga telefon qildim. “Solihaxonning darsi tugadimi?”, deb so‘radim. “Ha, tugadi, chiqib ketdi”, dedi. Hayron qoldim. Chunki ovsinimning qizi bilan kelmasa yo o‘zim telefon qilib so‘rardim, yo o‘qituvchisining o‘zi telefon qilardi — darsi tugagan bo‘lsa, o‘zim maktabga borib olib kelardim. 6-sinfda, ikkinchi smenada o‘qiydigan yana bir qizim bor. O‘qituvchisining aytishicha, Soliha opasining oldiga borgan, u esa uyga o‘zing ketaver, deb aytgan va narsalarini yig‘ishtirib ketgan.

“Nega chiqarib yuborasiz, bilasiz-ku, har doim o‘zim olib kelardim”, deb turganimda, og‘zimdagi gapim hali tugamasidan darvozaxonadan ikki kishi turmush o‘rtog‘imni so‘rab keldi. Uyda yo‘qliklarini aytib, telefon raqamlarini berdim. Shunda ular: “Siz Solihaxonning oyisimisiz? Qizingizni anavi yerda mashina urib ketdi”, deyishdi. O‘qituvchisi bilan gaplashayotgan joyim — hali telefonni ham qo‘ymagandim. “Voy nimaga, qanaqa?” degunimcha, o‘qituvchisiga qayta qo‘ng‘iroq qilishimni aytib, telefonni o‘chirdim. “Qayerda, nima bo‘ldi?”, deb so‘radim. Ular qizimni shifoxonaga olib ketgan odamning telefon raqamini berishdi.

Darrov shu odamga telefon qildim. “Qizim yaxshimi, tuzukmi?”, desam, “Yaxshi, yaxshi”, dedi. “Hozir qayerdasiz?”, desam, “16-gorbolnitsa (Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi)ga olib ketyapmiz”, dedi. Darrov egnimni almashtirib, pastga tushdim. Qo‘llarim qaltirab, rulga ham o‘tirolmadim. Holat haqida xabar berganlarning o‘zi meni kasalxonaga olib ketdi. Xo‘jayinimga ham xabar berishgan ekan, ular ham ishdan chiqib kelganlar — baravar yetib bordik.

Xo‘jayinim ichkariga kirib ketdilar. Men ham kiraman desam, do‘xtirlar qo‘ymadi. Nima bo‘ldi ekan, deb yana qaytib kirishga harakat qildim. Bir vaqt dadasi: “Solihaxonni berib qo‘yibmiz”, deb chiqdilar. Ustini ham yopib qo‘yishgan ekan. “Nega, nimaga?”, degancha hushimdan ketganman, uyog‘ini eslolmayman…

Bunaqa bo‘lishini kutmagandim, chunki menga: “Kelinoyi, xavotir olmang, hammasi yaxshi, salgina turtib ketdi, salgina. Qizingiz yaxshi [ahvolda] ketdi”, deb aytishgan-da (yig‘lay boshlaydi — tahr.). Salgina turtgan bo‘lsa, nari-beri oyog‘i singandir, u-bu narsa bo‘lgandir, deb o‘ylagandim. Holat haqida xabar berishganda qizimning oyoq kiyimini qo‘limga tutqizishgandi. Kasalxonaga tomon yo‘lga chiqayotib, o‘sha poyabzalini ham mashinaga solsam, ular: “Buni nega olyapsiz?”, deb so‘rashgandi. “Hozir qizimni olib kelaman-ku, kiyib keladi”, degandim. Men bunday bo‘lishini bilmagandim. Shu oyoq kiyimi qo‘limda qolib ketdi (qattiq yig‘lab yuboradi — tahr.).

“Svetofor ham bir kishini mashina bosib ketgach o‘rnatilgandi”

Qizimni kasalxonaga uni urib yuborganlarning o‘zi olib ketgan ekan. Rulda ayol, yonida uning eri bo‘lgan. Guvohlarning aytishicha, ular qizimni urib yuborganidan keyin ham nima qilarini bilmay, qarab turgan, o‘zlarining aytishicha — “shokka tushib qolgan” ekan. “Bola hali tirik, tezroq do‘xtirga olib boringlar”, deb odamlarning o‘zi qizimni mashinaga solib yuborgan ekan.

Men shu paytgacha qizimni hech qachon o‘zini yolg‘iz qoldirmagandim. O‘qituvchisiga ham har kuni telefon qilardim. Agar o‘zimning ham, dadasining ham hech imkonimiz bo‘lmasa, ovsinimning qizi bilan qaytardi. O‘qituvchisini ham maktab yonida emas, uzoqda turishimiz, yo‘limiz yomonligi, agar o‘zimiz bormasak, Solihani maktabdan chiqarmasligi haqida ham ogohlantirganmiz. Axir opasi ham hali go‘dak-ku…

Avtobus ko‘chamiz ro‘parasida to‘xtagan. U yerda aslida bekat ham, piyodalar o‘tish yo‘li ham yo‘q, lekin ko‘pchilik shu yerda tushib qoladi. Undan sal oldinroqda svetofor bor, lekin u yerda ham hech qanday bekat yo‘q. Yo‘l bo‘ylab, qayrilib olish joyi (“razvorot”) ham yo‘q — maktabdan mashinada qaytsak, mahalla ichidagi ko‘chalar bilan aylanib kirardik. “Razvorot”mi, “zebrami” qilib beringlar deb mahalladagilar bilan necha bor hokimlikka chiqqandik, natijasi bo‘lmagandi.

O‘sha svetofor ham bir insonning o‘limidan keyin qo‘yilgandi — marhum ro‘paradagi ishxonasiga o‘tayotganida mashina urib ketgan. Keyin o‘sha ishxonadagilarning o‘zi pul yig‘ib, svetofor o‘rnattirishdi.

Solihaning ushalmagan orzulari

Soliha rosa shirin, sho‘x, beg‘uborgina, ishonuvchan, ko‘ngli bo‘sh qiz edi. Maktabda ham yaxshi o‘qirdi, Alloh rahmat qilsin! (yig‘lab yuboradi va shu ko‘yi davom etadi — tahr.). Gimnastikaga qatnardi. Diyora Keldiyorova Olimpiada chempioni bo‘lganidan keyin, “Oyi, menam dzyudoga qatnashay, Diyora Keldiyorovaga o‘xshab musobqalarda yutib, dadam ikkovingizni Hajlarga, Umralarga olib boraman, mashinalar olib beraman”, derdi. Uchta qizim bor, shuning uchun “o‘g‘lingiz yo‘q-ku, sizlarga hamma narsani o‘zim qilib beraman, o‘zim qarayman”, derdi. Xudo xohlasa, deb qo‘yardim. Oxirgi bir hafta, 10 kun tinmay aytgan gapi shu bo‘lgandi-da: “Diyora Keldiyorovaga o‘xshagan sportchi bo‘laman…”.

Soliha Lutfullayeva. Foto: Nigora Lutfullayevaning shaxsiy arxividanSoliha Lutfullayeva. Foto: Nigora Lutfullayevaning shaxsiy arxividan

Yozda suzishga ham bordi. Sportdan tashqari quyon, mushuk boqishni yaxshi ko‘rardi. Mushugimiz bolalaganiga ko‘p bo‘lmagandi — qizim o‘tib qolgach, qo‘shnilarga tarqatib yubordim. Bayramlarda o‘z qo‘llari bilan narsalar chizib sovg‘a qilardi. Uyimiz oldidagi bolalar maydonchasining turnigida har kuni osilardi, mashg‘ulotlar ham qilardi. Dadasining qizi edi, yonlaridan bir qadam ham jilmasdi. Gapiraman desam gap ko‘p — to‘g‘risi, uni eslasam yuragim siqilib qolyapti.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Xo‘jayinim bilan har kuni u haqida gaplashib o‘tiramiz. Eslamaymiz deymizu, har kun nimadir eslatadi. Katta qizimni uzatganman, yoshi 23 da. Yaqinda nevaram bilan 16-gorbolnitsada davolanib chiqibdi. Nega menga aytmading, desam, “Oyi o‘zi yaqinda shu yerdan yuragingiz sinib chiqqandi, yana esingizga tushishini xohlamadim. O‘zim ham zo‘rg‘a yotdim”, deydi.

Derazadan pastga qaragim kelmaydi. Bolalar maydonchasini ko‘rganda siqilib ketaman. Avariya ko‘chaning boshidagi yo‘lda bo‘lgani uchun o‘sha yo‘lni ham ko‘rishni xohlamayman. Tashqariga chiqmaganimga ham ancha bo‘lib ketdi. Chiqsam ham ko‘zlarimni yumib o‘taman. Qizimni mashina urib ketgan videosini yaqinda ko‘rib qoldim — uydagilar ko‘rmasin, deb mendan yashirib yurishgan ekan. Videoni ko‘rib, qizim shu yerlarda ayanchli o‘lim topganini o‘ylab, qiynalib ketdim.

Sergelidagi Fayzli ko‘chasining Soliha YTHga uchragan qismi. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Sergelidagi Fayzli ko‘chasining Soliha YTHga uchragan qismi. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Onaga qiyin ekan, judayam qiyin. Hech kimni ona qilib yaratmasin ekan (qattiqroq yig‘lab yuboradi — tahr.). Shu narsa peshonamizda bor ekan-da, Allohning qazoi qadariga qarshi ketolmaymiz. Lekin ich-ichimdan qiynalaman…

Singan odamni battar sindiradigan kommentlar

Nima bo‘lsa bo‘ldi. Endi o‘zimizni qo‘lga olamiz deganimizda videolar ostida yozilgan kommentlar ko‘nglimizni battar og‘ritdi. “Belgilangan joydan o‘tsa bo‘lmasmidi?”, “Befarosat ota-onasi qarasa bo‘lmasmidi?”, “Yana haydovchi aybdor bo‘ladimi?” qabilidagi gaplar yozilgandi. Televideniyadagi “Millar” dasturi ham “Belgilanmagan joydan o‘tgan”, “Hech kim ko‘chaga odam uraman deb chiqmaydi” deb lavha tayyorlabdi — axir bu yerda белгилaнgaн joyning o‘zi yo‘q-ku!

Odamlar bilmay turib bunday gaplarni gapirmasligi kerak. “Sen avval shu yo‘llardan o‘tib ko‘r, piyoda bo‘lish qanchalik qiyinligini bil, keyin gapir!”, degim keladi. Shunchalik nimadir yozgilari kelsa, marhumning ortidan qolganlarning ko‘ngliga malham bo‘ladigan biror so‘z aytishsin, “mayli, xafa bo‘lmanglar, sabr bersin”, deb yozishsin.

O‘zi shundoq ham yuragi singan odamni battar sindirib nima foyda topishadi? Ota-onasini aralashtirib, ularni befarosat deb atab nima naf topadi? Xo‘p, biz befarosat ekanmiz, befarosatligimizdan uch yil maktabga o‘zimiz olib borib, o‘zimiz olib kelibmiz. Allohning qazoi qadari yetgan kunda men olib kelishga borolmabman. O‘sha yozayotganlar ham mo‘min-musulmon-ku (qattiqroq yig‘lab yuboradi — tahr.).

Nigora Lutfullayeva. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Nigora Lutfullayeva. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Ikkinchidan, u hali bola edi. Oldindan o‘tadimi, orqadan o‘tadimi — bu yerda haydovchi 100 foiz yo‘liga qarashi kerak edi. Qizim videolarda aytilganidek avtobusdan tushishi bilan yo‘lga yugurib ham chiqmagan — avtobus oldidan yugurib chiqsa, avtobus tomonga uchardi-ku. Lekin u o‘ng tarafga emas, chap tarafga uchgan. O‘sha urib yuborgan mashinaning tezligi 85 km bo‘lmaganida ham urib yubormasdi. Qizim bordyurga chiqib olardi — yetib olishiga ozgina qolgan ekan.

Haydovchi ham 60−65 tezlikda keldim, deb yolg‘on guvohlik beryapti. Agar tezligi 60 bo‘lganida rulni ikki tarafga bemalol bura olar, hech bo‘lmasa, tormoz bosardi. Tormoz bosish imkoni bo‘la turib nega bosmagan, bilmayman. Qizim mushuk yo kuchuk emasdi-ku ko‘rinmay qoladigan. Mayli, 60 km tezlikda urib yuborganida ham o‘lim darajasiga yetib bormasdi. Shunchalik qattiq urilganki, bolamning joni shifoxonaga yetib bormay uzilgan.

Jazo masalasi

Ikki oy o‘tib ketdi, lekin qizimni urib yuborganlar hali ham bemalol yuribdi. Necha marta tergovchiga telefon qildik, hatto advokat ham yolladik. “Eskpertizani kutyapmiz”, deyishdi. Ekspertiza nega kerak desam, “Ayb qizingizda bo‘lishi mumkin, chunki u avtobusning oldidan chiqqan”, deb o‘lgan bolaga to‘nkab qo‘yishyapti. Haydovchi tezlikni oshirgani, qoidani buzgani muhim emas ekan, qizimning avtobus oldidan chiqqani muhim ekan — nohaqlikni ko‘ryapsizmi? Yopdi-yopdi qilishmoqchimi, bilmadim.

Soliha Lutfullayevaning vafotidan bir kun o‘tib, poytaxt IIBB matbuot xizmati YTH haqida ma’lumot berarkan, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qilgandi. “Gazeta.uz” 15-noyabr kuni Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati bilan bog‘langanida, tergov hali ham davom etayotgani ma’lum qilindi.

Sergelidagi Fayzli ko‘chasi. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Sergelidagi Fayzli ko‘chasi. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

YouTube’dan, Googleʼdan ko‘rdim — bunday qilmishni sodir etganlarga arzimas jazo berib qo‘yisharkan. To‘g‘ri, hech kim ko‘chaga odam uraman, deb chiqmaydi, qasddan qilmaydi, lekin aybdorga bunaqa kam jazo muddati berilgandan keyin haydovchilar ham ko‘chalarda xohlagan tezligida yuraveradi, birovning jigarbandini urib ketaveradi-da (yana yig‘lab yuboradi — tahr.).

Yaqinda 18 yoshli bir qizni ham mashina urib ketdi. U ham ikki oy komada yotib, o‘libdi. Haydovchi ikki yil ozodlikdan, bir yil haydovchilik huquqidan mahrum qilinibdi. Haydovchi shunda ham ikki yil berilganidan noroziman, deyapti. Birovning 18 ga kirgan bolasini o‘ldiryapsan, qanaqasiga norozi bo‘lishing mumkin? (qattiqroq yig‘lab yuboradi — tahr.). Atigi ikki yil-a, bu nima degan gap? Bunaqalarga ko‘proq muddat berish kerak. Bilmadim, balki noto‘g‘ri gapirayotgandirman. Rostanam bu narsa qasddan qilinmaydi, lekin qarab yurish kerak-da.

Bir oy ham bo‘lgani yo‘q — Xonobod (Sergeli tumani) tarafda, ko‘prikdan tushishda bir ona-bolani 120 km tezlikda kelgan mashina urib ketgan. Qizcha Solihaxon bilan tengdosh ekan, otasi biznikiga ta’ziyaga ham kelgandi. Onaning joni o‘sha yerning o‘zida uzilgan, qizcha ikki kun jonlantirish bo‘limida yotib, o‘tib qolgan.

O‘sha haydovchining hali sudi bo‘lmadiku-ya, lekin darrov qamashdi. Nimaga mening qizimni urib yuborganlar erkinlikda yuribdiyu uni bo‘lsa qamadinglar desak, o‘sha haydovchi qanaqadir dori ichib olgan ekan, deyishdi. Boz ustiga, qizimni urib yuborgan haydovchi ayol ekan, voyaga yetmagan to‘rt bolasi bor ekan, shuning hisobidan ham unga yengillik bor emish. Uning bolasi bolayu, meniki bola emasmidi? Kimligining nima farqi bor — ayolmi-erkakmi, baribir urib o‘ldirdi-ku (yana yig‘lab yuboradi — tahr.).

O‘shalarning ham to‘rt bolasi bor ekan. Mening bolamni o‘ldirding, o‘rniga bir bolangni berasanmi dey-chi, berarmikan? Bermaydi, ikki dunyoda ham bermaydi.

Ayol kishiga tezlikni oshirib nima bor edi? O‘zim ham mashina haydayman, katta yo‘lda ham mahallaning ichida yurgandek 30−40 km tezlik bilan yuraman. Orqamdagilar signal chalsa ham parvo qilmayman. Chunki yo‘lda bolalar ko‘p… 9 yosh qilishning o‘zi ham oson bo‘lmagan bizga (qattiqroq yig‘laydi va shu ko‘yi davom etadi — tahr.). Bir bola o‘lib ketdi, lekin ular hech narsa bo‘lmagandek bemalol ozodlikda yuribdi. Nimaga chora ko‘rishmaydi? Ochiq-oydin ko‘rinib turgan narsa bo‘lsa, tezlik oshirilgan va oqibatda bola o‘lgan — yana nega ekspertizani kutishadi?

O‘sha ayolni kechirolmadim. Uyimga ham keldi, lekin kechirolmadim. Qanday qilib kechiraman? (qattiqroq yig‘laydi — tahr.). Ta’ziyaga kelganida ham yuzida “birovning bolasini o‘ldirib qo‘ydim”, degan his ham yo‘q edi. Ba’zi odamlarga qarab, “mayli, shuning ham to‘rtta bolasi bor ekan”, deb kechirib yuborasiz. Lekin ular odamning ustidan masxara qilgandek kulib gapiryapti. Bu yerda nima kulgili bo‘lyapti desa, “Hammangiz bunday [xafa bo‘lib] o‘tirganingizga, kayfiyat uchun-da”, deydi. Biz kayfiyatni ko‘taradigan ahvoldamizmi? Yoki ular kayfiyatni ko‘taradigan joyga keldimi? Odamlarga nima bo‘lyapti o‘zi?

O‘sha kuni, 16-shahar kasalxonasida mazam qochib qolganida meni uyoqdan buyoqqa yugurtirishdi. Endi tergovning mana bunday sustligi, mas’uliyatsizlik, adolatsizlik, sansolarliklardan keyin hech kimga ishonmay qo‘ydim. O‘zi qizim shifoxonaga borganida rostan ham o‘lgan bo‘lganmikan, deb ham shubhalanib qoldim. O‘lmagan bo‘lsa ham, baribir o‘ladi deb ustini yopib qo‘yishgan bo‘lsa-chi, degan azobli o‘y bilan yuribman.

Bolam norasida ketdi, begunoh ketdi, jannatda, Allohning huzurida deb o‘zimizni ovutamiz, chalg‘itamiz. Boshqa ilojimiz ham yo‘q. Bunaqa chirkin dunyoda yashab nimani ham ko‘rardi? Qazoi qadarga iymon keltirganmiz. Inshoolloh, qiyomatda shafoatiga oladi. Bir emas, ikki shafoatchimiz bo‘ldi — o‘g‘limiz ham vafot etgandi. Qo‘limizdan keladigani faqat haqlariga duo qilib o‘tirish.

Tepadagilarga Xudo insof bersin. Bunday avtohalokat bir mening bolam bilan bo‘ldi, olib borib qamamadi, deyolmayman. Boshqalarning bolasida ham ahvol shu. Bekat yo‘q, piyodalar o‘tish yo‘li yo‘q, qonunning ustida turganlar befarq. Birovning bolasi o‘lib ketadi, ular bo‘lsa hammasi bemalol yuraveradi.

Nigora Lutfullayeva. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Nigora Lutfullayeva. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Hech kim Allohning jazosidan qocholmaydi. Mayli, bu dunyoda o‘ynab, yashab qolar, puli bordir, boshqasi bordir. Lekin oxiratda jazosini oladi. Oxiratga, Allohga topshirdim. Bularning adolatiga ham, qonuniga ham ishonmay qo‘ydim.