O‘zbekiston Professional futbol ligasi (O‘zPFL) 17-noyabr kuni Superliganing 2024-yilgi mavsum ramziy terma jamoasini e’lon qildi. Tashkilot ushbu jarayonni yo‘l-transport hodisalari (YTH) oqibatida halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishladi. Bu bejiz emas — noyabr oyining uchinchi yakshanbasi butun dunyoda YTH oqibatida halok bo‘lganlarni xotirlash kuni hisoblanadi. 2024-yilda bu sana 17-noyabrga to‘g‘ri keldi.

Yo‘l-transport hodisalari va ularning ayanchli oqibatlari O‘zbekistonda ham dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Mamlakatda har yili sodir bo‘ladigan 10 mingga yaqin YTHlarda minglab insonlar tan jarohati oladi va halok bo‘ladi. Jabrlanuvchilar orasida, afsuski, voyaga yetmaganlar, bolalar ham bor. Misol uchun, 2023-yili O‘zbekistonda bolalar bilan bog‘liq 1794 ta YTH yuz bergan, ular oqibatida 1568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafari halok bo‘lgan.

O‘zPFL ushbu dolzarb muammoga keng omma, xususan, futbol jamoatchiligining e’tiborini qaratish, yo‘llarda harakatlanuvchi barchani hushyorlikka va yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishga chorlash maqsadida o‘zining muhim tadbirlaridan biri — Superliganing 2024-yilgi ramziy terma jamoasi e’lon qilinishini aynan YTH qurbonlari xotirlasiga bag‘ishladi. Zotan so‘nggi yillarda yo‘llardagi avariyalar oqibatida qurbon bo‘lganlar orasida yosh futbolchi va futzalchilar ham kam emas.

Professional futbol ligasining jamoasi Butunjahon yo‘l-transport hodisalari oqibatida qurbon bo‘lganlar kuniga bag‘ishlab maxsus rolik tayyorladi. Unda Superliganing 2024-yilgi ramziy terma jamoasidan o‘rin olgan futbolchilar — “Nasaf” darvozaboni Abduvohid Ne’matov, “Surxon” himoyachisi Sunnatilloh Hamidjonov, “Andijon” himoyachisi Vladimir Bubanya, “So‘g‘diyona” yarim himoyachisi Oleg Zoteyev, “Nasaf” yarim himoyachisi Akmal Mozgovoy, “Dinamo” yarim himoyachisi Jurani Ferreyra, “So‘g‘diyona” yarim himoyachisi Vladimir Yovovich, “Dinamo” yarim himoyachisi Anvarjon Hojimirzayev, “So‘g‘idyona” hujumchisi Lupcho Doriyev, “Paxtakor” hujumchisi Dragan Cheran, “Nasaf” hujumchisi Zoran Marushich hamda yil ustozi — “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev YTH qurbonlariga hurmat bajo keltiradi.

Rolikda, jumladan, 2021-yil 11-dekabrdagi YTH oqibatida 19 yoshida halok bo‘lgan “Bunyodkor” futbol klubi yarim himoyachisi Diyor Rahimqulov, 2021-yil 27-fevral kuni sodir bo‘lgan avariya oqibatida 25 yoshida vafot etgan OKMK futzal klubi a’zosi Temur Berdiyev, 2023-yil 15-iyul kuni yuz bergan YTH oqibatida hayotdan ko‘z yumgan bo‘lgan “Jizzax Nur” futzal jamoasi a’zolari Shahzod Siddiqov va Jasur Abdulaximov kabi sportchilar xotirlangan.

O‘zPFL tayyorlagan rolik finalida 2024-yilgi YTHlar oqibatida halok bo‘lgan ikki qizaloq ham yodga olingan. Xususan, “So‘g‘diyona” futbolchisi Lupcho Doriyev 2024-yil oktabr oyida Toshkentning Sergeli tumani Xonobod dahasida yuz bergan YTH oqibatida halok bo‘lgan 9 yoshli Omina Sodiqovani xotirlagan bo‘lsa, “Nasaf” futbol klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev 19-sentabr kuni Toshkentning Sergeli tumanida yuz bergan va muhokamalarga sabab bo‘lgan YTH oqibatida halok bo‘lgan Soliha Lutfullayevani xotirlagan.

YTH yuz bergan vaqtda Soliha ham atigi 9 yoshda edi. “Gazeta.uz” muxbirlari ham O‘zPFL jamoasi tomonidan maxsus rolik tayyorlanishi jarayonida qatnashib, Solihaning onasi bilan alohida suhbatlashdi. Suhbat yaqin vaqt ichida e’lon qilinadi.

Rolik shunday murojaat bilan tugaydi: “Biz ularni yuragimizga ko‘mdik. Biz ularni to‘xtata olmadik. Sizdan esa tezlikni oshirmaslikni, qoidalarga qat’iy amal qilib, vatandoshlarimizning aziz hayotini asrashni o‘tinamiz”.

“Gazeta.uz” davlat va nodavlat tashkilot hamda idoralarning yo‘llarda harakat xavfsizligini oshirishga, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan O‘zPFLniki kabi ijtimoiy tashabbuslarni olqishlaydi va qo‘llab-quvvatlaydi. Yo‘llarda insonlar, ayniqsa, bolalar jabrlanmasligi va halok bo‘lmasligi uchun ham jamiyatning barcha qatlamlari ushbu masalada yakdil bo‘lishi favqulodda muhim.