Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a hamda Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanlarida imtiyozli kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan hokim yordamchilariga jinoyat ishi ochildi. Bu haqda “Xavfsizlik” Telegram kanali xabar qildi.

Ular Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari va Bosh prokuratura huzuridagi Departament o‘tkazgan tekshiruvda gumondor sifatida qo‘lga olingan.

Xususan, Ellikqal’a tumanidagi mahallalardan biridagi hokim yordamchisi 33 nafar fuqaroga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida tavsiyanomalar rasmiylashtirgan, ular nomiga bankdan jami 1 mlrd 88 mln so‘m kredit ajratilgan. Hokim yordamchisi o‘zining tanishi bo‘lgan fuqaro nomiga mas’uliyati cheklangan jamiyat tashkil qilib, amalda uni norasmiy tarzda boshqargan. Bunda kreditga olingan pullarni go‘yoki turli xil mahsulotlar xarid qilish uchun mazkur MCHJ hisob raqamiga o‘tkazgan va naqdlashtirish orqali talon-toroj qilgan.

Bundan tashqari, u turmush o‘rtog‘i va singlisi nomiga olingan jami 65,9 mln so‘m kreditni ham maqsadsiz sarflab yuborgan. Hozirda fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 167 (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddalari (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

G‘ijduvon tumanida kuzatilgan holatda esa mahallalardan biridagi hokim yordamchisi 26 nafar fuqaroga yirik va mayda shoxli chorva mollari sotib olishlari uchun imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida tavsiyanomalar rasmiylashtirgan. Ular nomiga bankdan jami 821 mln 858 ming so‘m kredit chiqarilgan. Hokim yordamchisi fuqarolarni aldab, kredit mablag‘lari evaziga ta’minotchi korxonalardan 26 kishi uchun ajratilgan chorva mollarini soxta hujjatlar asosida qabul qilib, ularni boshqa shaxslarga sotib yuborganlikda gumonlanmoqda. U ishi orqali kredit pullarining hammasini talon-toroj qilgan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 167 (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddalari (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.