Jizzax viloyati Baxmal tumanida Cobalt haydovchisi ikki piyodani urib yubordi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, holat 18-noyabr kuni soat 19:30 atrofida G‘allaorol-Baxmal-Supa-Zomin 4R-41 yo‘lida sodir bo‘lgan.

Kaltatoy qishlog‘ida yashovchi 33 yoshli A.O. Cobalt avtomashinasini boshqarib kelayotib yo‘lning belgilangan joyidan kesib o‘tayotgan piyodalar — 13 yoshli I.M. va 4 yoshli I.K.ni urib yuborgan hamda hodisa joyidan yashiringan.

Tarmoqlarda tarqalgan videoda qizlarning yonida yana bir bola bo‘lganini, u mashina yuqori tezlikda kelayotganini payqab, oldinga harakatlanganini ko‘rish mumkin.

YTH oqibatida O‘smat shaharchasida yashagan opa-singillar turli tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan shu kuni gumonlanuvchi O.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) 3-qismi “a” bandi va 117-modda (Xavf ostida qoldirish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Haydovchi ushlangan va vaqtincha saqlash hibsxonaga joylashtirilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.