Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyatining Olmaliq shahri va Yangiyo‘l tumanida qonun buzilishi holatlarini aniqladi, deb xabar bermoqda tashkilot matbuot xizmati.
DXXning hududiy boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Ulardan birida “Toshkent viloyati suv ta’minoti"ning Abonentlar boshqarmasi mutaxassisi X.A. Olmaliq shahrida joylashgan oilaviy poliklinikadagi suv hisoblagich uskunasining tamg‘asi buzilgani bo‘yicha tuzilgan dalolatnomani va qayta hisoblangan 204 million so‘m zararni o‘z hamkasbi orqali bartaraf qilib berishni aytgani aniqlangan. U xizmati evaziga 1600 dollar olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, boshqarmaning mazkur noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan yana bir mutaxassisi A.A. o‘z xizmati uchun ushbu pul mablag‘idan 1300 dollarni olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Boshqa holatda muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq sodir etgan jinoyati uchun hozirda axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan Yangiyo‘l tumanida yashovchi A.S. (1983 y.t.) qo‘lga tushdi. Ma’lum bo‘lishicha, u 2021-yil iyunida onlayn-auksion orqali o‘ziga va 6 nafar qarindoshiga dehqonchilik yo‘nalishida foydalanish uchun 49 yil muddatga ijaraga berilgan 2,7 gektar yer maydonini sherigi bilan til biriktirib, mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming dollar talab qilgan. Ular oldindan 5 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda har ikkala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.