Suriyadagi vaziyatni yoritayotgan, xalqaro terroristik tashkilot a’zosi o‘zbekistonlik Xudoyor Nuriddinov qidiruvga berildi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Abu Valid nomi bilan faoliyat yurituvchi Nuriddinov 1994-yilda Farg‘onaning Rishton tumanida tug‘ilgan. U 2016-yilda Rossiyaga ishlash uchun ketib, shu yerda terrorchilik tashkiloti g‘oyalariga berilgan.
U shundan so‘ng Suriyaning Idlib shahriga ketgan. U yerdan turib olib borgan targ‘ibot ishlari oqibatida bir qancha o‘zbekistonliklar janglarda ishtirok etib, halok bo‘lgan, deyiladi vazirlik e’lon qilgan videorolikda.
Hozirda 30 yoshli erkakka nisbatan O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Jinoyat kodeksining 4 ta moddasi, jumladan:
- 155-modda prim-2 (Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish);
- 159-modda (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish);
- 223-modda (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish);
- 244-modda prim-2 (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan jinoiy ish ochilgan.
Xabarga ko‘ra, ayni vaqtda Nuriddinov internet orqali o‘zining jinoiy qilmishlariga diniy tus bergan holda jihodga chorlovlarni davom ettirmoqda. U tomondan yuritilayotgan sahifalar O‘zbekiston hududida taqiqlangan va uning ishtirokidagi videotasvirlarni saqlash, olib yurish va tarqatish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.